← Barcha maqolalar
Saytlar

Lending ariza olib kelishi uchun unda nimalar bo‘lishi kerak

Sarlavha, ishonch belgilari va forma: ko‘p saytlarda unutiladigan mayda, lekin muhim narsalar.

Abrorbek Murodaliyev
Abrorbek Murodaliyev[sana] · 3 daqiqa o‘qish

Chiroyli lending ariza olib kelmasligi mumkin. Buni ko‘p ko‘rganman: ajoyib dizayn, animatsiyalar, reklamaga pul ketyapti, odamlar kiryapti — lekin ariza yo‘q. Ko‘pincha sabab dizaynda emas, mayda narsalarda.

Birinchi 5 soniya

Odam sahifaga kirganda bitta savolga javob qidiradi: “Bu menga kerakmi?”. Sarlavha aynan shunga javob berishi kerak. “Innovatsion yechimlar” degan sarlavha hech narsa aytmaydi. “Uyingizga 24 soat ichida konditsioner o‘rnatamiz” — aytadi.

  • Sarlavhada — nima qilasiz va kim uchun.
  • Ostida — bir jumlada: nega aynan siz.
  • Darhol ko‘rinadigan bitta tugma: “Ariza qoldirish” yoki “Telegramda yozish”.

Ishonch belgilari

Notanish sahifaga pul ishonish qiyin. Odamga “bular haqiqiy” degan signal kerak:

  • Haqiqiy ishlaringiz rasmlari — internetdan olingan jilmaygan odamlar emas.
  • Mijozlar fikri — ismi bilan, iloji bo‘lsa rasmi bilan.
  • Manzil, telefon, Telegram — bog‘lanish oson bo‘lsin.
  • Narx yoki hech bo‘lmasa “…dan boshlab”. Narxsiz sahifa ko‘pincha “qimmat bo‘lsa kerak” degan fikr uyg‘otadi.

Forma — arizalar yo‘qoladigan joy

Forma qancha uzun bo‘lsa, shuncha kam odam uni oxirigacha to‘ldiradi. Ko‘pincha ism va telefon yetarli. Qolganini keyin qo‘ng‘iroqda so‘raysiz.

  • Maydonlar — 2–3 ta, ortiq emas.
  • Telefon raqamini qanday yozsa ham qabul qilsin. Odamni formatga emas, formatni odamga moslang.
  • Yuborgandan keyin aniq xabar: “Rahmat! 15 daqiqa ichida qo‘ng‘iroq qilamiz”.
  • Ariza darhol sizga kelsin — pochtaga emas, Telegram’ga.

Va albatta — telefon

Reklamadan keladiganlarning ko‘pi telefondan kiradi. Shuning uchun lendingni avval telefonda tekshiring: matn bemalol o‘qiladimi, tugma barmoq bilan oson bosiladimi, sahifa tez ochiladimi. Mobil internetda besh soniya ochiladigan sahifani hech kim kutib o‘tirmaydi.

Lending — san’at asari emas. Uning bitta vazifasi bor: odamni ariza qoldirishgacha olib borish.