← Barcha maqolalar
Mobil ilovalar

Mobil ilova qachon kerak, qachon sayt yetarli

Ilova saytdan qimmatroq. Bu xarajat qachon o‘zini oqlaydi va qachon shoshmaslik kerak.

Abrorbek Murodaliyev
Abrorbek Murodaliyev[sana] · 3 daqiqa o‘qish

“Bizga ilova kerak” — bu gapni men juda ko‘p eshitaman. Keyin so‘rayman: “Nima uchun?”. Ko‘pincha javob: “Hammada bor-ku”. Bu yomon sabab emas, lekin ilova uchun yetarli sabab ham emas.

Ilova nega qimmatroq

Ilova aslida ikkita: iPhone uchun va Android uchun. Bugun ularni bitta koddan qilsa bo‘ladi, lekin test qilish va do‘konlarga chiqarish baribir ikki marta. Ustiga App Store va Google Play’ning qoidalari, tekshiruvlari, har bir yangilanishni qayta yuborish.

Va eng muhimi — odam ilovani yuklab olishi kerak. Bu eng qiyin qadam. Saytni bitta havola bilan ochasiz, ilova uchun esa do‘konga kirish, yuklab olish, ro‘yxatdan o‘tish kerak. Har bir qadamda odamlarning bir qismi “keyin” deb chiqib ketadi.

Ilova qachon o‘zini oqlaydi

  • Mijoz sizdan haftasiga bir necha marta foydalanadi: taksi, yetkazib berish, sport zal, kafe.
  • Push-bildirishnomalar muhim: “buyurtmangiz yo‘lda”, “bugun chegirma”.
  • Telefonning imkoniyatlari kerak: kamera, GPS, oflayn ishlash.
  • Ilova xodimlaringiz uchun: kuryer, agent, usta — ular uni har kuni ish uchun ishlatadi.
  • Sizda allaqachon sodiq mijozlar bor va ularni ushlab qolmoqchisiz.

Qachon sayt yoki Mini App yetarli

  • Mijoz sizga yilda bir-ikki marta murojaat qiladi.
  • Asosiy maqsad — yangi mijoz topish, ushlab qolish emas.
  • Hali g‘oyani sinab ko‘ryapsiz va odamlar bunga pul to‘lashini bilmaysiz.

Mening maslahatim

Ikkilanayotgan bo‘lsangiz, avval sayt yoki Telegram Mini App’dan boshlang. Odamlar uni qanchalik tez-tez ishlatishini ko‘ring. Mijozlar haftada bir necha marta qaytib kelyapti va “ilovangiz yo‘qmi?” deb so‘ray boshladi — demak vaqti keldi.

Shunda ilovaga qaysi funksiyalar kerakligini ham taxmin qilmaysiz — bilasiz. Bu esa eng katta tejash.

Ilova mijozni topish uchun emas. Topilgan mijozni ushlab qolish uchun.