← Barcha maqolalar
Telegram

Mini App va oddiy bot: farqi nima?

Tugmali bot va Telegram ichidagi to‘liq ilova: imkoniyatlari va narxi bo‘yicha farqi.

Abrorbek Murodaliyev
Abrorbek Murodaliyev[sana] · 3 daqiqa o‘qish

Telegram’da biznes uchun ikki yo‘l bor: oddiy bot va Mini App. Ko‘pchilik ikkalasini adashtiradi, chunki ikkalasi ham botdan ochiladi. Lekin ichkarida ular butunlay boshqa narsalar — va narxi ham boshqa.

Oddiy bot — bu suhbat

Oddiy bot xabarlar va tugmalar orqali ishlaydi. Siz tugma bosasiz, bot javob yozadi. Hammasi chat ichida, xuddi odam bilan yozishgandek. Oddiy, tez va deyarli har qanday telefonda ishlaydi.

  • Ariza qabul qilish, so‘rovnoma, ro‘yxatdan o‘tish.
  • Bildirishnomalar: “buyurtmangiz tayyor”, “ertaga uchrashuvingiz bor”.
  • Bir necha o‘nlab mahsulotli kichik katalog.
  • Guruh va kanallarni boshqarish.

Mini App — bu Telegram ichidagi sayt

Mini App — bot ichidan ochiladigan to‘liq veb-ilova. Unda o‘z dizayni, rasmlar galereyasi, savat, filtrlar, xarita bo‘ladi. Foydalanuvchiga u oddiy ilovadek ko‘rinadi, faqat hech narsa yuklab olish kerak emas. Telegram foydalanuvchini o‘zi taniydi, shuning uchun ro‘yxatdan o‘tish ham shart emas.

  • Ko‘p mahsulotli do‘kon: kategoriyalar, filtr, savat.
  • Joy band qilish: kalendar, vaqt tanlash.
  • Shaxsiy kabinet: buyurtmalar tarixi, bonuslar.
  • Ko‘p qadamli murakkab formalar.

Narxi bo‘yicha

Oddiy bot arzonroq va tezroq qilinadi — unda alohida dizayn yo‘q, interfeysni Telegram o‘zi beradi. Mini App esa aslida sayt: dizayn, frontend, backend. Shuning uchun u qimmatroq va ko‘proq vaqt oladi.

Yaxshi xabar shundaki, Mini App’ni keyin mavjud botga qo‘shish mumkin. Oddiy botdan boshlab, kerak bo‘lganda Mini App qo‘shasiz — hech narsa tashlab yuborilmaydi, mijozlar ham o‘sha botda qoladi.

Mijoz ikki-uchta tugma bosib ishini bitirsa — bot yetadi. Qidirish, solishtirish, tanlash kerak bo‘lsa — Mini App.