← Barcha maqolalar
Telegram

Biznes uchun Telegram bot: qayerdan boshlash kerak

Birinchi botga nimalar kirishi kerak va nimalarni bemalol keyinga qoldirsa bo‘ladi.

Abrorbek Murodaliyev
Abrorbek Murodaliyev[sana] · 3 daqiqa o‘qish

Birinchi uchrashuvda menga ko‘pincha uch sahifalik ro‘yxat ko‘rsatishadi: katalog, savat, to‘lov, bonuslar, referal tizim, AI-maslahatchi, admin panel, statistika… Hammasi kerakdek tuyuladi. Men esa har doim bitta savol beraman: botdan birinchi oyda nima kutyapsiz?

Odatda shu savoldan keyin ro‘yxat ikki baravar qisqaradi.

Birinchi botning vazifasi — bitta muammoni yechish

Bot ko‘p ish qila oladi. Lekin birinchi versiya hammasini qilishi shart emas. Uning vazifasi — bitta aniq muammoni yechish va mijozlar uni rostdan ishlatishini ko‘rsatish. Qolgani shundan keyin.

Birinchi versiyaga nima kiradi

  • Asosiy menyu: 3–5 ta tugma, ortiq emas.
  • Katalog yoki xizmatlar ro‘yxati — rasm, narx, qisqa tavsif.
  • Buyurtma yoki ariza: ism, telefon, nima kerak.
  • Sizga xabar: yangi buyurtma tushishi bilan guruhga yoki adminga bildirishnoma.
  • Ko‘p beriladigan savollar: manzil, ish vaqti, yetkazib berish.

Nimani keyinga qoldirsa bo‘ladi

  • Bonus va referal tizimlar — avval odamlar bot bilan umuman ishlashini ko‘ring.
  • Murakkab statistika — birinchi oyda buyurtmalar soni va qaysi mahsulot olinayotgani yetarli.
  • AI-maslahatchi — qaysi savollar ko‘p kelishini bilmasdan, unga nimani o‘rgatishni ham bilmaysiz.
  • Onlayn to‘lov — agar mijozlaringiz hozir ham yetkazib berilganda to‘layotgan bo‘lsa, birinchi kundan shart emas.

Ishga tushgandan keyin

Bot ishga tushgan kundan boshlab eng qimmatli narsa — ma’lumot. Odamlar qaysi tugmani bosyapti, qayerda to‘xtab qolyapti, nimani so‘rayapti. Bir-ikki hafta kuzating va keyingi qadamni shunga qarab tanlang. Bonus tizimi kerakmi yoki AI — buni endi taxmin emas, raqamlar aytadi.

Yaxshi bot — birinchi kuni mukammal bo‘lgan bot emas. Har oy biroz yaxshilanib boradigan bot.